19 Avgust 2020 yil 1574

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan To'rtko'l tumanida sodir bo'lgan holat yuzasidan ma'lumot.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “To‘rtko‘lda militsiya bo‘limida komaga tushgan yigit vafot etdi” sarvlavha ostida tarqalgan maqolada keltirilgan vajlar haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi.
Holatga aniqlik kiritadigan bo‘lsak, joriy yilning 26 iyulda soat taxminan 16:30larda To‘rtko‘l tumani IIB navbatchilik qismiga To‘rtko‘l tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlar birida janjal bo‘layotgan xaqida xabar berilgan.
Kelib tushgan xabarga ko‘ra hududiy profilaktika inspektori leytenant M.Djumaniyazov, sherigi profilaktika inspektori leytenant M.Jabbarbergenov bilan birga voqea joyiga yetib borishgan. Shu yerda yashovchi fuqaro S.I. mast holda oila tinchligini buzayotganligi, badanida tan jarohatlari borligi aniqlanib, bemorga tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va mutahassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Birlamchi tashxisga ko‘ra fuqaro I.S. mastlik holatida ekanligi, ikkala oyog‘ining pastki qismida tirnalgan, yuz qismida shilingan jarohatlari mavjudligi qayd etilgan. Shundan so‘ng, holatni rasmiylashtirish maqsadida I.S., profilaktika inspektorining xizmat xonasiga olib kelinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgan vaqtda, fuqaro I.S. tobi qochganligini maʼlum qilgan. Tezkorlik bilan chaqirtirilgan tez tibbiy yordam xodimlari fuqaro I.S.ning qon bosimi yuqori bo‘lganligi sababli, uning turmush o‘rtog‘i Ch.X.ning kuzatuvi ostida tibbiy muolaja ko‘rsatish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga olib ketishgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan fuqaro I.S. tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shu kuni soat taxminan 18:30larda uyiga javob berilgan.
Ertasi kuni, yaʼni 27 iyul kuni ertalab fuqaro I.S. xushiga kelmaganligi sababli uning oila aʼzolari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va holat haqida tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan.
2020 yilning 11 avgust kuni fuqaro I.S. tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limida tegishli muolajalarga qaramay koma holatidan o‘ziga kelmasdan vafot etgan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha To‘rtko‘l tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq yurituvchi va foydalanuvchilaridan barcha kelib tushayotgan maʼlumotlarni haqqoniyligini tekshirib, so‘ng jamoatchilikka yetkazishingizni, yolg‘on maʼlumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmati

Text to speech